Respublika (lotincha: respublica, res — ish va publicus — ijtimoiy, umumxalq) — davlat boshqaruvi shakli, unda barcha davlat hokimiyati organlari saylab qoʻyiladi yoki umummilliy vakolatli muassasalar (parlamentlar) tomonidan shakllantiriladi, fuqarolar esa shaxsiy va siyosiy huquqlarga ega boʻladilar.
Tarixan Respublika antik davrda monarxiyaning ziddi sifatida vujudga kelgan (Afinadagi quldorlik demokratiyasi). Mil. av. V-IV asrlarda Sparta va mil. av. II asrda Rim davlati aristokratlar qismi manfaatlarini ifoda etgan. Oʻrta ayerlarda Respublika boshqaruv shaklini qoʻllagan Venetsiya va Genuya singari shahardavlatlar bor edi.
Hozirgi vaqtda jahondagi 190 davlatdan 140 dan ortigʻi Respublika hisoblanadi. Boshqaruvning Respublika shakli quyidagi turlarga ajratiladi: 1) prezidentlik Respublikasi (AQSH, Meksika va boshqalar), bunda prezident umumxalq saylovida saylanib, bir vaqtning oʻzida davlat va ijro etuvchi hokimiyat boshligʻi hisoblanadi; 2) parlamentar respublika (Italiya, GFR, Vengriya va boshqalar), bunda parlament toʻliq hokimiyatga ega boʻlib, uning oldida hukumat siyosiy javobgar hisoblanadi. Parlament prezidentni saylaydi. Bunda prezident faqat davlat boshligʻi boʻlib, ijro etuvchi hokimiyat boshligʻi hisoblanmaydi; 3) aralash tipdagi respublika (yarim prezidentlik; Fransiya, Portugaliya, Finlandiya, Yevropadagi totalitar tuzumdan xalos boʻlgan yangi mamlakatlarning aksariyati), bunda prezidentlik respublikasi bilan parlamentar respublika xususiyatlari qoʻshilib ketadi. Yaʼni prezident umumxalq saylovlarida saylanib, yuridik va real keng vakolatlarga ega boʻladi. Biroq hukumat parlament tomonidan tashkil etiladi va u nafakat prezident oldida, balki parlament oldida ham siyosiy javobgar boʻladi. Bunda prezident hukumatga umumiy rahbarlik qiladi, lekin uni bosh vazir boshqaradi. Prezident maʼlum holatlar yuz berganda parlamentni tarqatib yuborish huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi — suveren demokratik respublika boʻlib, mamlakatimizda prezidentlik Respublikasi boshqaruv shakli amal qiladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
This article uses material from the Wikipedia O‘zbek article Respublika, which is released under the Creative Commons Attribution-ShareAlike 3.0 license ("CC BY-SA 3.0"); additional terms may apply (view authors). Matndan CC BY-SA 4.0 litsenziyasi boʻyicha foydalanish mumkin (agar aksi koʻrsatilmagan boʻlsa). Images, videos and audio are available under their respective licenses.
®Wikipedia is a registered trademark of the Wiki Foundation, Inc. Wiki O‘zbek (DUHOCTRUNGQUOC.VN) is an independent company and has no affiliation with Wiki Foundation.